- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- “Zarafshon Oyna” MCHJ — innovatsiya va aniqlik ramzi!
10 Nov 2025
122
O‘zbekistonda qurilish va avtomobil sanoati uchun zamonaviy va yuqori sifatli shisha mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida yangi loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Xususan, Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida “Zarafshon Oyna” MCHJ tomonidan Germaniyaning “HORN Glass Industries AG” texnologiyasi asosida zamonaviy shisha ishlab chiqarish zavodi faoliyat boshladi.

Loyihaning umumiy qiymati 250 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 175 million dollari – tashabbuskorning o‘z mablag‘lari, 75 million dollari –bank krediti hisoblanadi.
Zavodda qalinligi 2 mm.dan 12 mm.gacha bo‘lgan M0 markali float-listli shisha ishlab chiqariladi. Bu yerda yiliga esa 16 mln. kv.m. oyna ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha korxona Markaziy Osiyoda tengsiz hisoblanadi.
Korxona 2022-yil o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, nemis texnologiyalari bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, barcha bosqichlar zamonaviy nazorat va boshqaruv tizimi orqali amalga oshiriladi. Sifat nazorati Germaniyaning “SPECTRO Analytical Instruments GmbH” kompaniyasi uskunalari orqali olib boriladi. Bu tizim shisha va xom ashyo tarkibini bir necha daqiqa ichida tahlil qilish imkonini yaratadi.

“Zarafshon Oyna” MCHJ — O‘zbekistonda shisha ishlab chiqarish sohasida katta imkoniyatga ega korxona hisoblanadi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxona hududida tayyor mahsulotni temiryo‘l va avtotransport orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri jo‘natish imkoni mavjud.
Bugungi kunda “Zarafshon Oyna” MCHJ “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi a’zosi sifatida mamlakatimiz sanoati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.