Prezident “Yuksalish” shaharchasidagi korxonalar va bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi

News image

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-sentabr kuni Namangan viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” sanoat shaharchasida bo‘lib, “Glass yexpo” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda oynaga milliy naqshlar va zamonaviy dizaynlar asosida ishlov beriladi. Korxona 2019 yilda ishga tushirilgan edi va izchil rivojlantirib borilmoqda. Bu viloyatda oyna mahsulotlarini mahalliylashtirish, import o‘rnini to‘ldirishda muhim omil bo‘lmoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 1 million 200 ming dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Prezidentimiz korxonadagi ish jarayoni, mahsulotlar namunalarini ko‘rdi.

Shu yerda tadbirkorlar bilan muloqot bo‘ldi.

– O‘zbekistonning ertangi kuni – tadbirkorlar. Biz besh yil davomida siyosat nuqtai nazaridan hamma bozorni ochishga harakat qildik. Endi sizlar sifat, raqobat, eksport bo‘yicha ishlashingiz kerak. Rejalaringiz baland bo‘lishi, har kuni izlanishingiz zarur. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi bunda sizlarga ko‘makdosh bo‘ladi, loyihalarga investor bo‘lib kiradi.

Avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda yana ko‘plab rejalarni belgilab oldik. Kelgusida ular bo‘yicha qarorlar qabul qilinib, qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Muhit shunday bo‘lishi kerakki, ishsiz yoshlar tadbirkorga, kichik tadbirkorlar katta, jozibador investorga aylanishi kerak.

Davlatimiz rahbari Yuksalish mahallasiga avval ham kelgan, hududni sanoat shaharchasiga aylantirish, bu yerda yashovchi aholi uchun ish o‘rinlari yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.

Bu galgi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Oxirgi uch-to‘rt yilda mahalla ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu yerda 71 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda 5 ta, kelgusi yili 11 ta ko‘p qavatli uy qurib bitkaziladi.

Tadbirkorlarga zamonaviy sharoitlar yaratish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mazkur hududda “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etilgan.

“Yuksalish” kichik sanoat zonasida jami 1,2 trillion so‘mlik 96 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.

“Yoshlar” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 804 milliard so‘mlik 60 ta loyiha, “Kushon” hududida 1,6 trillion so‘mlik 129 ta loyiha joylashtirilgan. Ularda, mos ravishda, qariyb 5 mingta va 13 mingta ish joyi tashkil etiladi.

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech