10 oyda Respublikada 45,7 mln dollarlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan

News image

Bugun brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari sanoatida o‘tgan 10 oyda amalga oshirilgan ishlar” haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2025-yilning yanvar-oktyabr oylarida sohada mahsulotlar ishlab chiqarish 45,7 trln. so‘m va o‘sish sur’ati 113,5 foizni tashkil etdi. Jumladan, 18,8 mln. tonna sement, 33,3 mln kv.m qurilish oynasi, 41 mln kv.m keramik plitka, 91,8 mln. kv.m gipsokarton listlari, 301 ming tonna quruq qurilish aralashmalari, 751 ming dona sanitar-texnik buyumlar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Yangi amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida 1 mlrd 065 mln. dollarlik 230 ta loyiha ishga tushirildi va 8 712 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida “Al-Kamol Rise Group” MCHJ tomonidan qiymati 4,7 mln. dollar bo‘lgan eshik va deraza romlari hamda mebel ishlab chiqarish klasteri tashkil etish.

Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida “Odil eco” MCHJ tomonidan qiymati 1,5 mln. dollar bo‘lgan chugunni qayta ishlashni tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.

Davlat investitsiya dasturiga asosan Uyushmaga biriktirilgan loyihalar doirasida 168,6 mln. dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi (reja 117,6 foizga bajarildi).

Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 126 foizga oshirib bajarildi.

Joriy yil yanvar-oktyabr oylarida alyumindan qurilish materiallari, keramika mahsulotlari, toshdan yasalgan buyumlar, oyna va undan yasalgan buyumlar, sement va bog‘lovchi materiallar, DSP, MDF va boshqa plitalar, sement, PVX va plastmassa buyumlar kabi mahsulotlar eksport hajmi oshishi natijasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 187 mln. dollarga ko‘p eksport amalga oshirildi.

Sohada eksport hajmlarini oshirish maqsadida Ozarbayjonning Boku, Tojikistonning Dushanbe, Pokistonning Laxor, Afg‘onistonning Qobul va Mozorisharif, Qozog‘istonning Aktau, Qirg‘izistonning Jalolobod shaharlarida O‘zbekiston savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi.

Shuningdek, mahalliy korxonalarni “Innoprom Central Asia-2025” (28 - 30-aprel Toshkent), “Rossiya-Islom dunyosi Kazan Forum 2025” (13 – 18 may Kazan), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (5 – 7 iyun Tbilisi), “Turkiy davlatlar xalqaro ko‘rgazmasi” (10 – 12 iyun Boku), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (20 - 24-iyun Ulan-Bator), “Los Angeles Build expo” (27 - 28-avgust Los Anjeles), “Bud Yexro 2025” (17 - 19-sentyabr Belorus), “Brno Expo 2025” (7 - 10-oktyabr Brno), “Boku build 2025” (14 - 16-oktyabr Boku) kabi biznes forum va ko‘rgazmalarda ishtiroki ta’minlandi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech