- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Farg‘onada Xitoy investitsiyasi asosida zamonaviy kafel ishlab chiqarish zavodi barpo etilmoqda
6 Aug 2025
328
Farg‘ona viloyatida zamonaviy sanoat korxonasini tashkil etish bo‘yicha yana bir yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda. 2023-yilda tashkil etilgan “YONG XIN CERAMICS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 74 million AQSH dollari bo‘lgan kafel va keramogranit plitalar ishlab chiqarish korxonasi barpo etilmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Zavod Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida, Qaqir sanoat hududida, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi tarkibida joylashgan. Ushbu hudud investitsiyachilar uchun qulay shart-sharoitlar, soliq imtiyozlari va logistika imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Korxona 32 gektar maydonda qurilmoqda.
Loyihaning asosiy ko‘rsatkichlari:
Yillik ishlab chiqarish hajmi: 23 million kvadrat metr kafel mahsuloti;
Yillik mahsulot qiymati: 2 trillion 610 milliard so‘m;
Yillik eksport hajmi: 101,8 million AQSH dollari;
Ish o‘rinlari: 500 nafar mahalliy mutaxassislar band etiladi.
Ayni paytda qurilish ishlari 80 foizga yakunlangan, texnologik uskunalar to‘liq Xitoydan olib kelingan. Uskunalar "YONG SHIN" kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan bo‘lib, ularni o‘rnatish ishlarini Xitoydan taklif etilgan mutaxassislar amalga oshirmoqda. Zavodni 2025-yilning uchinchi choragida test rejimida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Loyiha mahalliy xomashyodan samarali foydalanishni ko‘zda tutadi. Ishlab chiqarish jarayonlarida 90 foiz kaolin toshi (O‘zbekiston hududlaridan) va 10 foiz import kimyoviy aralashmalar ishlatiladi. Tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yillik ehtiyoj mos ravishda 150 ming kub metr va 108 ming kilovattni tashkil etadi.
Zavod to‘liq quvvatda ishlaganda:
313,2 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymatli mahsulot yaratiladi;
Davlat byudjetiga 208 milliard so‘m tushum tushiriladi;
Ichki bozorda import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar taklif etiladi;
Eksport orqali mamlakat valyuta tushumlari oshadi.
“YONG XIN CERAMICS” MCHJning ushbu loyihasi nafaqat Farg‘ona viloyatida, balki umuman respublika miqyosida sanoatlashuv jarayonini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish – bu kabi loyihalarning eng muhim xususiyatlaridandir.

O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lish maqsadida bunday loyihalarga davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi, iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratadi.