Jizzax viloyati xalqaro konferensiya va press-turga mezbonlik qildi

News image

Kuni kecha Jizzax viloyati yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qildi. “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasi va qo‘shni davlatlarda bazalt ishlab chiqarishni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Forum ishida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, viloyat hokimliklari hamda qator ilmiy-tadqiqot institutlari professor va olimlari ishtirok etdilar.

01 15-09-2025.jpg

Dastlab ishtirokchilarga “Basalt Uzbekistan” faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari hamda klaster imkoniyatlari haqida to‘liq ma’lumot berildi. Kompaniya yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola tayyorlab, uning asosida 42 turdagi innovatsion mahsulot ishlab chiqarmoqda. Qizig‘i shundaki, bu mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda mineral tola ishlab chiqarish uchun 345,9 million tonna xomashyo zaxirasiga ega 17 ta bazalt koni aniqlangan. Ularning 82 foizi o‘zlashtirishga berilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Xususan, Jizzax (30,3 mln tn), Qoraqalpog‘iston (2,2 mln tn), Navoiy (2,6 mln tn), Namangan (310,6 mln tn) va Samarqand (0,2 mln tn) viloyatlaridagi konlar bu sohadagi eng yirik manbalardan hisoblanadi.

02 15-09-2025.jpg

Forum doirasida bazalt asosidagi qurilish materiallarining kelgusi istiqbollari muhokama qilindi. Mahsulot sifatini oshirish, laboratoriya sinovlari va sertifikatlash, logistika masalalari yuzasidan fikr almashildi. Jahon standartlari, ilg‘or texnologiya va zamonaviy uskunalar taqdimot qilindi.

Olimlar tomonidan bazalt mahsulotlarining fizik-mexanik xususiyatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha berilgan takliflar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu orqali fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Anjumanda yirik buyurtmachilar, qurilish kompaniyalari, loyihalash institutlari hamda mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etdi. Ular uchun forum foydali ma’lumotlar, samarali bitimlar va qimmatli muloqotlarga boy kechdi.

03 15-09-2025.jpg

Tadbir doirasida OAV va jamoatchilik uchun press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar va olimlar bazaltdan qurilish materiallari tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

Xulosa qilib aytganda, Jizzaxda bo‘lib o‘tgan ushbu xalqaro forum nafaqat bazalt sanoatini rivojlantirish, balki O‘zbekistonning innovatsion qurilish materiallari sohasidagi ulkan salohiyatini namoyish etdi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech