- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- O‘zbekiston va Iroq biznes doiralari bir maydonda
14 Jan 2026
194
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston–Iroq investitsiya va biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, savdo-sanoat palatalari hamda tarmoq birlashmalari vakillari, shuningdek O‘zbekiston va Iroq biznes doiralarining 300 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu forum O‘zbekiston–Iroq ishbilarmonlik hamkorligi tarixidagi ikkinchi biznes-forum hisoblanadi. Ilk forum 2025-yil dekabr oyida Iroq poytaxti — Bog‘dod shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, mazkur tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqot tizimli tus olayotgani hamda amaliy savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etdi.




Forum tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat biznes hamjamiyatlari o‘rtasida institutsional hamkorlikni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida B2B aloqalarni rivojlantirish, biznes-missiyalar almashuvi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishida uchrayotgan amaliy to‘siqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Forumda Iroq tomoni vakillari, jumladan Iroq Savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayri, Iroq Milliy investitsiyalar komissiyasi va Iroq Iqtisodiy kengashi rahbariyati O‘zbekiston biznesi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar.








Tadbir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Iroqning tegishli tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi, shuningdek B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, aniq hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston–Iroq biznes forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikka bo‘lgan yuqori qiziqishni yana bir bor tasdiqladi.