- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Qurilish materiallari sohasida 2025-yilning eng yaxshilari aniqlandi
26 Dec 2025
439
Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan bozor talab va taklifini o‘rganish, sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash hamda qurilish materiallari sanoatini tahlil qilish maqsadida tashkil etilgan “Yil sarhisobi” rasmiy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “O‘zsanoatqurilishmaterallari” uyushmasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbariyati, mutaxassislar, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, dasturga ko‘ra, OAV vakillari uchun “Respublika qurilish materiallari sohasi 2025-yil tahlili” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Haqberdiyev sohada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida to‘liq ma’lumot berdi.



Ta’kidlanishicha, 2025-yil yakunida soha korxonalari tomonidan 53 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi va o‘sishni 112,5 foizga yetkazilishi kutilmoqda. Sohaning mamlakat jami sanoatidagi ulushi 5,1 foizni tashkil etmoqda.
Jumladan, 40 mln kv m - qurilish oynasi, 110 mln kv m - gipsokarton, 19,9 mln tn - sement, 48,7 mln kv.m - keramik plitka, 880 ming dona keramik sanitar texnik buyumlar kabi qurilish materiallari ishlab chiqariladi.
O‘tgan yilda sohada jami 2,040 mlrd dollarlik investitsiyalar, shundan 1,59 mlrd dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.
Xususan, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo, Andijon, Samarqand viloyatlarida yirik investitsiya loyihalari yo‘lga qo‘yildi.
Sohada joriy yil yakuni bilan 1,1 mlrd dollar eksport amalga oshiriladi. Eksport qilingan mahsulotlardan 221,1 mln dollarlik metall buyumlar, 81,0 mln dollarlik keramika mahsulotlar, 108,9 mln dollarlik PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlar, 62,8 mln dollarlik quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. E’tiborlisi, 2024-yilda eksport qilingan qurilish materiallari turlari 55 dan 62 ga oshirishga erishildi. Shuningdek, eksport geografiyasi 50 davlatdan 60 taga yetkazildi.




Davlatlar kesimida tahlil qilinganda eksport qilingan mahsulotlarning 25,5 % - Rossiya Federatsiyasi hissasiga; 21,1 % - Qozog‘iston hissasiga, 12,7 % - Tojikistonga, 18,1 % -Qirg‘izistonga, 3,1 % - Afg‘onistonga;, 3,1 % - Belarusga 2,6 % - Turkmanistonga to‘g‘ri kelgan.
Uyushma korxonalari tomonidan 2025-yil yakuni bilan mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 4,4 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 126,5 foizga bajarilishi kutilmoqda.
OAV vakillari mas’ullardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shundan so‘ng asosiy tadbir “Yil sarhisobi” rasmiy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘olib va sovrindorlar uyushmaning rasmiy Telegram va feysbuk sahifasida "Yil brendi", "Yilning eng yaxshi eksportchi korxonasi", "Eng yaxshi sement ishlab chiqaruvchi", "Sifat barqarorligi bo‘yicha yetakchi korxona", “Ekologik toza korxona”, “Ilm-fan yutuqlarga erishgan korxona” nominatsiyalari bo‘yicha ijtimoiy so‘rovnoma orqali aniqlandi.





10 kun davomida o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 200 mingga yaqin ovoz berildi. Natijalarga ko‘ra, qurilish bozorida o‘z o‘rniga ega Xorazm viloyatida joylashgan «Khorezm Insulation Group» MCHJning “Thermo plus” brendi – “Yil brendi” deya tan olindi. Nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda talabi oshib borayotgan “Akfa Extrusions” MCHJ – “Yilning eng yaxshi eksportchi korxonasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Navbatdagi nominatsiyada joriy yilda sement ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblangan “Namangan sement” MCHJ “Yilning eng yaxshi sement ishlab chiqaruvchi” deb topildi. Yildan yilga ishlab chiqarish hajmini oshirib borayotgan, jahon standarti darajasidagi mahsulotlari bilan tanilgan “Durable beton” MCHJ - "Sifat barqarorligi bo‘yicha yetakchi korxona" ekanligini isbotladi. Barchamiz uchun tanish bo‘lgan “IMPERIAL-GRANIT” MCHJ esa “Ekologik toza korxona” deb topildi. Eng yosh, innovatsion mahsulot ishlab chiqaruvchi “ECOPLIT” kompaniyasi “Ilm-fan yutuqlarga erishgan korxona” nominatsiyasida tengsiz deb topildi.