- Главная
- Matbuot markazi
- Uyushma yangiliklar
- Qurilish materiallari sohasida o‘tgan 9 oyda 810,2 mln dollarlik eksport qilindi
24 Oct 2025
487
Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasidan OAV vakillari uchun “2025-yilning o‘tgan 9 oyida qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilgan ishlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zsanoatqurilishmaterallari” uyushmasi rahbariyati, mutaxassislar, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, dasturga ko‘ra uyushma boshqaruv raisi Ilyos Raximov sohada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida to‘liq ma’lumot berdi. Shu bilan birga boshqarma boshliqlari hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, sohada 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi 52 trln. so‘mga, eksport 1,2 mlrd. dollarga yetkaziladi hamda 2,4 mlrd. dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 41,5 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi, 810,2 mln dollarlik eksport qilindi, sohada 1 mlrd. 705 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 3,3 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.
2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida sohada mahsulotlar ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichi 40,1 trln. so‘m va o‘sish sur’atini 115 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib amalda ishlab chiqarish 41,7 trln. so‘m va o‘sish sur’ati 113,5 foizni tashkil etdi. Jumladan, 17,9 mln. tonna sement, 30,5 mln kv.m qurilish oynasi, 37,8 mln kv.m keramik plitka, 85 mln. kv.m gipsokarton listlari, 292 ming tonna quruq qurilish aralashmalari, 695,7 ming dona sanitar-texnik buyumlar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.
Yangi amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida jami 1 mlrd. 705 mln. dollar investitsiya o‘zlashtirildi, shu jumladan 1065 mln. dollarlik 230 ta loyiha ishga tushirildi va 8 712 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Davlat investitsiya dasturiga asosan Uyushmaga biriktirilgan loyihalar doirasida 168,6 mln. dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi.
Davlat investitsiya dasturiga asosan 2025-yilda 195,7 mln. dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi ta’minlanadi.
Sohada joriy yil yanvar-sentyabr oylarida 810,2 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va belgilangan reja 101 foizga bajarildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 126 foizga oshirib bajarildi.
Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida alyumindan qurilish materiallari, keramika mahsulotlari, toshdan yasalgan buyumlar, oyna va undan yasalgan buyumlar, sement va bog‘lovchi materiallar, DSP, MDF va boshqa plitalar, sement, PVX va plastmassa buyumlar kabi mahsulotlar eksport hajmi oshishi natijasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 167 mln. dollarga ko‘p eksport amalga oshirildi.
Sohada eksport hajmlarini oshirish maqsadida Ozarbayjonning Boku, Tojikistonning Dushanbe, Pokistonning Lahor, Afg‘onistonning Qobul va Mozori Sharif, Qozog‘istonning Aktau, Qirg‘izistonning Jalolobod shaharlarida O‘zbekiston savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 50 turdan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari joylashtirildi.
Shuningdek, mahalliy korxonalarni “Innoprom Central Asia-2025” (28 - 30-aprel Toshkent), “Rossiya-Islom dunyosi Kazan Forum 2025” (13 – 18 may Kazan), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (5 – 7 iyun Tbilisi), “Turkiy davlatlar xalqaro ko‘rgazmasi” (10 – 12 iyun Boku), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (20 - 24-iyun Ulan-Bator), “Los Angeles Build expo” (27 - 28-avgust Los Anjeles), “Bud Yexro 2025” (17 - 19-sentyabr Belorus), “Brno Expo 2025” (7 - 10-oktyabr Brno), “Boku build 2025” (14 - 16-oktyabr Boku) kabi biznes forum va ko‘rgazmalarda ishtiroki ta’minlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan anjuman davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olishdi.