Qurilish oynasi bozorida o‘sish: ishlab chiqarish va import ko‘rsatkichlari tahlili

News image

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish sohasi jadal rivojlanib, qurilish materiallariga, jumladan, oynaga talab ortib bormoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatida ham, import hajmida ham o‘z aksini topmoqda.

Hozirgi kunda respublikada umumiy yillik quvvati 59 million m² bo‘lgan uchta yirik zavod faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, “Kvarts” AJ - 32,2 mln m², “Zarafshon oyna” MCHJ - 16,8 mln m² va “Mingyuan silu industry” MCHJ QK - 10 mln m² ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

кварц.jpg

2024-yilda ichki bozorda qurilish oynasiga bo‘lgan talab 57,7 mln m² ni tashkil etdi. Buning 13 foizi, ya’ni 7,5 mln m² import hissasiga to‘g‘ri keldi. Ta’kidlash joizki, 2023-yilga nisbatan import hajmi 1,3 mln m² ga ko‘paydi.

Mahalliy korxonalar tomonidan 2024-yil davomida 44,3 mln m² oyna ishlab chiqarildi. Shundan “Kvarts” AJ hissasi 20,8 mln m², “Zarafshon oyna” MCHJniki esa 13,5 mln m² ni tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarish 22,2 mln m² ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 4,7 mln m² ga ko‘pdir. Xususan, “Kvarts” AJda - 6,5 mln m², “Zarafshon oyna” MCHJda - 8,6 mln m² oyna ishlab chiqarilgan.

ойна.jpg

Qurilish oynasi importi asosan qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2024-yilda jami 7,5 mln m² oyna xorijdan olib kirildi. Shundan 42 foizi Qirg‘iziston (3,2 mln m²), 30 foizi Qozog‘iston (2,2 mln m²) va 11 foizi Turkmaniston (0,8 mln m²) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda qurilish oynasiga talab yil sayin ortib bormoqda. Mahalliy ishlab chiqarish o‘sish tendensiyasini namoyon etayotgan bo‘lsa-da, bozor ehtiyojini to‘liq qoplash uchun import ham sezilarli o‘rin tutadi. Shu bois ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va mahalliy mahsulot sifatiga e’tiborni kuchaytirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech