Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston qurilish materiallari “shourum”i ochiladi

News image

Kuni kecha Moskva shahrida Butunrossiya milliy qurilish siyosati markazi rahbari Aleksandr Moor hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi Ilyos Rahimov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi huzuridagi Savdo vakili, ikki davlat mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hududida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari savdosini oshirish maqsadida maxsus “shourum” tashkil etish bo‘yicha so‘z yuritildi. Shu bilan birga mazkur savdo maskani faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir tashkiliy masalalar bo‘yicha ham fikr almashildi. Uchrashuvda transport logistikasi haqida ham muzokaralar olib borildi.

Ushbu loyiha O‘zbekistonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini namoyish qilish, rossiyalik hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro savdo hajmini kengaytirishga xizmat qiladi. Butunrossiya milliy qurilish siyosati markazi bu borada barcha tashkiliy, axborot va ekspertlik masalalarida yordam ko‘rsatadi.

Shuningdek, tomonlar qurilish materiallari ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish va ularni hamkorlikda ishlab chiqish, O‘zbekiston mahsulotini Rossiya va xalqaro bozorlarda ilgari surish va sotish tizimlarini rivojlantirish, mutaxassislar uchun tajriba almashish va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, qo‘shma ko‘rgazmalar, taqdimotlar va sohaviy tadbirlar o‘tkazish, qurilish materiallari turlari va sifatiga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda o‘z majburiyatlarini bajarishadi.

Bu esa Rossiya va O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli hamkorlikka mustahkam zamin yaratadi hamda texnologik salohiyat va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech