Samarqand – Markaziy Osiyoda qurilish materiallari sanoati markaziga aylanmoqda

News image

Samarqand viloyati oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati bo‘yicha eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan hududlardan biriga aylandi. Yangilangan mineral-xomashyo bazasi, yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, xorijiy kapitalning faol jalb qilinishi va yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish dinamikasi viloyat sanoatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

2024-yilda Samarqand viloyatida 952 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 6,8 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 6,2 trln. so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizlik o‘sish qayd etildi.

Bu — hududdagi xomashyo zaxiralari, yangi texnologiyalar va investitsiya oqimining to‘g‘ri boshqarilayotganidan dalolat beradi.

Samarqand viloyatida 211 ta noruda konlari mavjud bo‘lib, ularning 145 tasidan faol foydalanilmoqda.

photo_2025-12-05_11-19-37.jpg

Viloyat mineral zaxiralari quyidagi yirik hajmni tashkil etadi:

  • 361,5 mln tonna sement xomashyosi
  • 174,7 mln kub metr tabiiy pardozbop toshlar
  • 136,1 mln kub metr qurilish toshlari
  • 66 mln tonna gips va angidrit
  • 3,7 mln tonna ohaktosh zaxirasi

Bu ko‘rsatkichlar Samarqandni nafaqat respublika, balki butun Markaziy Osiyoda qurilish materiallari uchun strategik xomashyo hududiga aylantiradi.

Viloyatda 2025-yil yakuniga qadar 334,2 mln. dollar bo‘lgan 36 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi va natijada 1255 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shundan, bugungi kunga qadar qiymati 300 mln. dollar bo‘lgan 32 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi.

Samarqand shahrida “Prime Ceramics” MCHJ QK tomonidan qiymati 10,6 mln. dollar bo‘lgan yillik 3 mln. kv metr keramik plitalar ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi ishga tushirildi

Shuningdek, viloyatda 2026-yilda qiymati 339,0 mln. dollar bo‘lgan 45 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi va natijada 1987 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

2024-yilda 125 mln. dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi va 2025-yilda eksport 154 mln. dollarga yetkaziladi.

2025-yil yanvar-oktyabr oylarida 144 mln. dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi.

Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar-oktyabr oylarida 109 mln. dollarlik metall buyumlar, 10,9 mln. dollarlik keramika mahsulotlari, 9,7 mln. dollarlik sement, 3,5 mln. dollarlik toshdan yasalgan buyumlar (marmar va granit), 3,1 mln. dollarlik PVX va plastmassa buyumlar, 2,9 mln. dollarlik gulqog‘oz va boshqa qog‘oz mahsulotlari hamda boshqa qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.

Mavjud va yangi ishga tushirilgan loyihalar hisobiga 2026-yilda eksport hajmi 239 mln. dollarga yetkaziladi.

2025-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 605 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Joriy yil yanvar-oktyabr oylarida dastur doirasida 527 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 24 foizni tashkil etdi.

2026-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 720 mlrd so‘mga yetkaziladi.

photo_2025-12-05_11-19-38.jpg

Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar, boy xomashyo bazasi, xalqaro kompaniyalarning ishtirok etishi va eksport geografiyasining kengayishi hududni Markaziy Osiyodagi eng yirik sanoat nuqtalari qatoriga olib chiqmoqda.

2025–2026-yillarda keramika, sement, tosh mahsulotlari, mikro kalsit, qurilish qorishmalari, ferroqotishmalar va lak-buyoq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining ortda borishi viloyatning iqtisodiy salohiyatini yangi darajaga ko‘taradi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiya islohotlari Samarqandni nafaqat mamlakat, balki mintaqa miqyosida qurilish materiahabii xabi sifatida mustahkamlab bormoqda.


Manba: Matbuot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech