Sanoat korxonalarida ekologik nazorat yanada kuchaytiriladi

News image

Bugun brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov “Qurilish materiallari sohasida ekologik nazorat tahlili”ga haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-81-sonli farmon bilan Respublikamizda faoliyat yurituvchi barcha I-toifaga mansub korxonalar 2025-yil 31-dekabrga qadar, II-toifaga mansub sanoat korxonalari 2026-yil 1-iyulga qadar atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namunalarni olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalarni majburiy tartibda ushbu tashkilotlar mablag‘lari xisobidan o‘rnatish, 2025-yil 29-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-343-sonli qarori bilan esa atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari 2026-yil 1-martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilish belgilandi.

2026-yil 1-martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarning barchasiga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini besh baravarga oshirilgan holda qo‘llash tartibi joriy etiladi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan ushbu qaror va farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Respublikada faoliyat yuritayotgan xavflilik darajasi I-toifaga mansub ishlab chiqarish korxonalari tomonidan avtomatik stansiyalar va statsionar kuzatuv punktlarini o‘rnatilishi muntazam monitoring qilib borilmoqda. Shuningdek, sement korxonalarining atrof muhitga tashlamalari va ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha doimiy o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Xulosalar esa tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etib borilmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va uyushma hamkorligida mavjud 42 to‘liq siklda ishlaydigan sement ishlab chiqarish korxonalarining 23 tasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Xususan, filtlarning 24 ming dona yengichalari va 1 957 ta membrana klapanlari almashtirildi.

Hozirgi kunda 9 ta sement zavodlarida avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilgan, shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan “Ohangaronsement” AJ va Jizzax viloyati Zafarabod tumanida joylashgan “Jizzax sement plent” MCHJ da “Statsionar kuzatuv punkti” lari tashkil etilgan.

Shu bilan birga I va II-toifaga mansub ishlab chiqarish sanoat korxonalarida 2025-yil 26-noyabr xolatiga ko‘ra “Yashil belbog‘lar” barpo etish dasturi doirasida 2025-yil kuz mavsumida sohada faoliyat yuritayotgan 28 ta yirik korxonalarga tutash 21 gektar hududda 97 090 tup ko‘chatlar ekildi. Bu esa zararli tashlamalarni kamaytirish, sanoat korxonalarining tutash hududlar ekologiyasiga ta’sirini pasaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech