Toshkent – O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlarini birlashtirdi!

News image

Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan O‘zbekiston-Afg‘oniston xususiy sektor vakillarining biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Afg‘onistondan 80 nafar tadbirkor va O‘zbekistondan 200 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika va avto ehtiyot qismlari kabi 7 ta yo‘nalishda tashkil etildi.

photo_2025-10-13_11-32-40.jpg

photo_2025-10-13_11-32-41.jpg

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari Aryan Azimi Xoji Mohammad Alem hamda Afg‘oniston Islom Amirligining O‘zbekistondagi elchisi Mavlavi Abdul G‘affor Bahr ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 2025-yil davomida Kobul va Mozori-Sharifda o‘tkazilgan tadbirlarda 120 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi ishtirok etib, umumiy qiymati 60 million AQSH dollaridan ziyod shartnomalar imzolandi. Faqatgina avgust oyida Kobulda o‘tgan biznes-forum yakunlariga ko‘ra 45 dan ziyod kelishuvga erishildi.

photo_2025-10-13_11-32-42.jpg

photo_2025-10-13_11-32-43.jpg

Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston Savdo uylari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, Kobul shahridagi Savdo uyi shourum va omborxonaga ega bo‘lib, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etmoqda. Mozori-Sharif shahridagi Savdo uyi esa farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlariga ixtisoslashgan.

2024-yil yakuniga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1,134 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 30,7 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, ijobiy savdo saldosi 1,044 milliard dollarni tashkil etdi.

photo_2025-10-13_11-32-44.jpg

Uchrashuv doirasida B2B formatidagi muzokaralar ham tashkil etilib, savdo hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy tashabbuslarni muhokama qilish hamda Afg‘oniston bozorida eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, sement, gipsokarton, alyumin profillar, quruq qorishmalar kabi qurilish materiallarini Afg‘onistonga eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shu bilan birga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi, innovatsion mahsulotlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.

Manba: Axborot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech